Parijda 91-xalqaro avtomobil ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Amul Info · · g2988507

12–19-oktyabr kunlari Fransiya poytaxtida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada dunyoning turli mamlakatlaridan 60 dan ortiq avtomobil ishlab chiqaruvchisi qatnashdi. Xitoy brendlariga alohida e’tibor qaratilib, 16 ta ishlab chiqaruvchi 25 ta brendni namoyish etdi.
Fransiya poytaxti Parij shahrida 12–19-oktabr kunlari 91-xalqaro avtomobil ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning turli hududlaridan ishlab chiqaruvchilar va soha vakillarini bir joyga jamlagan tadbirda Yevropa, Amerika va Osiyodan 100 dan ortiq ishtirokchi, shuningdek, 60 dan ziyod avtomobil ishlab chiqaruvchisi qatnashdi.
Ko‘rgazmada Xitoy avtomobil sanoatiga alohida o‘rin ajratildi. Mamlakatning 16 ta ishlab chiqaruvchisiga tegishli 25 ta brendning taqdim etilishi Xitoy kompaniyalari Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirishga intilayotganini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi ko‘rgazmalarga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p bo‘ldi.
Bir hafta davom etgan tadbirning asosiy yo‘nalishlari elektr energiyasida harakatlanuvchi avtomobillar, gibrid modellar, aqlli boshqaruv tizimlari va yangi texnologiyalardan iborat bo‘ldi. Xitoyning BYD, Xpeng, Changan, Dongfeng va Leapmotor kabi brendlari o‘z mahsulotlarini namoyish etib, hamyonbop narxlar, zamonaviy texnik imkoniyatlar va tezkor quvvatlash yechimlariga alohida e’tibor qaratdi.
Ko‘rgazma davomida avtomobil ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida texnologik raqobat va bozor uchun kurash kuchayib borayotgani ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Elektroavtomobillarga bo‘lgan qiziqish ortib borar ekan, ishlab chiqaruvchilar transport vositalarining energiya samaradorligini oshirish, quvvatlash vaqtini qisqartirish va haydash tizimlarini takomillashtirishga intilmoqda.
Yevropalik xaridorlar uchun avtomobilning narxi, batareya sig‘imi, texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari va ta’mirlash xarajatlari muhim mezonlar hisoblanadi. Shu sababli ko‘rgazmada taqdim etilgan yangi modellar nafaqat dizayni va texnologik xususiyatlari, balki kundalik foydalanish uchun qulayligi bilan ham e’tiborni tortdi.
Parijda o‘tkazilgan xalqaro avtomobil ko‘rgazmasi jahon avtomobil sanoatining hozirgi rivojlanish yo‘nalishlarini namoyish etish bilan birga, ishlab chiqaruvchilarga yangi hamkorlar topish va xalqaro bozorlardagi imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoit yaratdi.