«Yangwang» kompaniyasi suv yuzida harakatlana oladigan hashamatli «Altior» elektromobilini taqdim etdi
Amul Info ·

Текст Xitoyning Yangwang brendi suv yuzida tura oladigan hashamatli Altior elektromobilini taqdim etdi. BYD kompaniyasining yangi modeli to‘rtta elektromotor, bir quvvatlanishda 1000 kilometrgacha yurish imkonini beruvchi akkumulyator va zamonaviy haydovchiga yordam tizimlari bilan jihozlangan.…
Xitoyning «BYD» kompaniyasiga qarashli «Yangwang» avtomobil brendi suv yuzasida tura oladigan yangi hashamatli «Altior» elektromobilini ommaga taqdim etdi. Yangi model Abu-Dabida o‘tkazilgan ko‘rgazmada namoyish etildi. Hozirda Xitoyda ushbu avtomobil uchun oldindan buyurtmalar qabul qilish boshlandi. Uning narxi taxminan 2 million yuanni tashkil etadi.
«Carnewschina» nashrining xabar berishicha, «Altior» modeli «Rolls-Royce» avtomobillariga raqobatchi sifatida taklif etilmoqda. U to‘rt kishiga mo‘ljallangan saloni va tashqi dizaynidagi o‘ziga xos bezaklari bilan ajralib turadi. Old radiator panjarasi yoritiladigan 137 ta bezak toshi bilan bezatilgan. Faralarning shakli olmos qirralarini eslatadi, avtomobil emblemasi esa sof oltindan yasalgan.
Avtomobilning old eshiklari 80 daraja, orqa eshiklari esa 90 daraja ochiladi. Orqa eshiklarda soyabonlarni joylashtirish uchun maxsus bo‘limlar mavjud. Salon bezagida haqiqiy charm, yog‘och, jun va billurdan foydalanilgan. Pol to‘shamalari jundan tayyorlangan. Cheklangan nashrdagi modelda sariq nefritdan yasalgan bezak qismlari ham mavjud. Bundan tashqari, salonda shiftga o‘rnatilgan buklanadigan ekran, kichik sovutkichlar, ochiladigan stolchali markaziy bo‘lim va qadahlarni saqlash uchun maxsus joylar ko‘zda tutilgan.
«Altior» elektromobilining uzunligi 5600 millimetr, kengligi 2030 millimetr, balandligi 1590 millimetr, g‘ildirak bazasi esa 3500 millimetrni tashkil etadi. Avtomobil tomiga lidar datchigi o‘rnatilgan. Shuningdek, u «BYD» kompaniyasining haydovchiga yordam berish tizimi bilan jihozlangan va avtomatik to‘xtash imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Modelda tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan ikkinchi avlod «BYD Blade» akkumulyatoridan foydalaniladi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotlariga ko‘ra, elektromobil bir marta quvvatlanganda 1000 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi. Biroq akkumulyatorning sig‘imi va quvvati haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
To‘rtta elektromotor bilan ishlaydigan platforma asosida yaratilgan «Altior» bir qator noodatiy imkoniyatlarga ega. Jumladan, yuqori tezlikda harakatlanayotganda shinalaridan biri teshilib qolsa ham, avtomobil barqarorligini saqlay oladi. Shuningdek, u suv yuzasida tura oladi, o‘z o‘qi atrofida aylana oladi va «yonlama harakat» deb ataladigan usulda, ya’ni yon tomonga siljib harakatlanishi mumkin.
Yangi elektromobilning cheklangan turkumidan atigi 399 dona ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Uning narxi 2 million yuan (taxminan 298 ming AQSH dollari) etib belgilangan. Oldindan buyurtma bermoqchi bo‘lgan xaridorlardan 300 ming yuan (taxminan 44,9 ming AQSH dollari) miqdorida avans to‘lovi qabul qilinadi.