AQShning Yangi Orlean shahri yaqinida tanker kruiz kemasi bilan to‘qnashdi: 32 kishi shifoxonaga yotqizildi
Amul Info ·

AQShning Yangi Orlean shahri yaqinida Missisipi daryosida «Atlantic Asphalt» tankeri «American Heritage» kruiz kemasi bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida 32 kishi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Shahar meri ularning ahvoli hayot uchun xavfli emasligini bildirdi. Dastlabki…
AQShning Luiziana shtatidagi Yangi Orlean shahri yaqinida Missisipi daryosida «Atlantic Asphalt» nomli tanker «American Heritage» yo‘lovchi kruiz kemasi bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida 32 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olib, shifoxonaga yotqizildi.
«ABC News» telekanaliga tayanib, «Report» axborot agentligi xabar berishicha, avariya 13-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 atrofida sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda kruiz kemasida yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini qo‘shib hisoblaganda 129 kishi bo‘lgan.
Yangi Orlean shahri meri Helena Moreno jarohatlanganlarning ahvoli hayot uchun xavf tug‘dirmasligini ma’lum qildi.
To‘qnashuvdan so‘ng yo‘lovchilar kemani tark eta boshlagan. Biroq kema ichiga suv kira boshlagan, u bir tomonga qiyshayib, oxir-oqibat ag‘darilib ketgan. Qutqaruv ishlarida favqulodda xizmatlar xodimlari, Sohil qo‘riqlash xizmati hamda yaqin atrofda bo‘lgan boshqa kemalar ekipajlari ishtirok etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tanker boshqaruvni yo‘qotib, bandargohda turgan kruiz kemasi bilan to‘qnashgan. Hodisaning aniq sabablari o‘rganilmoqda. Qutqaruv ishlari davomida Missisipi daryosining tegishli qismida kema qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Bundan avval «CNN» telekanali avariya oqibatida 20 nafarga yaqin kishi jarohat olganini xabar qilgan edi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, shifoxonaga yotqizilganlar soni 32 nafarga yetgan.