Xa Long qo‘ltig‘i — qoyalardan bunyod bo‘lgan tabiiy go‘zallik
Amul Info ·

Vyetnamdagi Ha Long qo‘ltig‘i betakror qoyatoshlari, minglab orollari va ajoyib g‘orlari bilan mashhur. Hududda 3 mingdan ortiq orol joylashgan. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu noyob maskan o‘zining go‘zal manzaralari va boy biologik xilma-xilligi bilan sayyohlarni o‘ziga…
Vyetnamning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Xa Long qo‘ltig‘i o‘ziga xos tabiiy manzarasi bilan dunyoning eng go‘zal maskanlaridan biri hisoblanadi. Dengiz suvlari, baland qoyalar va yam-yashil o‘simliklar dunyosining ajoyib uyg‘unligini mujassam etgan ushbu hudud YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Xa Long qo‘ltig‘i o‘ziga xos tik qoyatoshlari, ko‘plab orollari va g‘orlari bilan sayyohlar e’tiborini tortadi. Qo‘ltiq hududida 3 mingdan ortiq orol, shuningdek, turli kattalikdagi qoyalar va tabiiy g‘orlar mavjud. Uning umumiy maydoni 1553 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Ushbu hudud quruqlikdagi va suv ostidagi tabiiy boyliklarga, shuningdek, biologik xilma-xillikning ko‘plab turlariga ega.
O‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar mazkur hudud qadim zamonlardan buyon insonlar yashab kelgan maskanlardan biri ekanini ko‘rsatadi. Qo‘ltiq sohillarida yilning barcha fasllarida yam-yashil bo‘lib turadigan o‘rmonlar ham mavjud.
Xa Long qo‘ltig‘ining o‘simlik va hayvonot dunyosi ham alohida ahamiyatga ega. Bu yerda faqat shu hududga xos bo‘lgan o‘simliklarning 14 turi va hayvonlarning 60 turi uchraydi.
Tabiiy go‘zalligi, boy ekologik tizimi va tarixiy xususiyatlari bilan ajralib turadigan Xa Long qo‘ltig‘i Vyetnamning eng mashhur sayyohlik markazlaridan biri hisoblanadi.