Ostona shahrida robotaksilarni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda

Amul Info ·

Ostona shahrida robotaksilarni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda

inDrive, Pony.ai va Nvidia kompaniyalari 2027-yilda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida haydovchisiz taksilarni sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirmoqda. Pony.ai avtonom boshqaruv tizimiga ega avtomobillarni taqdim etadi, inDrive safarlarni buyurtma qilish platformasi va…

Xalqaro taksi buyurtma qilish xizmati «inDrive» va Xitoyning haydovchisiz transport texnologiyalarini ishlab chiquvchi «Pony.ai» kompaniyasi 2027-yilda Qozog‘istonda robotaksilarni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ushbu xizmatni «inDrive» faoliyat yuritadigan boshqa shaharlar va mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganiladi. Kompaniya xizmatlaridan dunyoning qariyb 48 ta mamlakatida foydalanish mumkin.

«Kursiv Media» nashrining xabar berishicha, «inDrive», «Pony.ai» va «Nvidia» kompaniyalari hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan. Loyiha doirasidagi dastlabki sinov maydoni sifatida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri tanlangan.

Hamkorlar robotaksilarni ishga tushirishning texnik, huquqiy va amaliy shartlarini o‘rganadi hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq harakatlar rejasini ishlab chiqadi. Sinovlar boshlanadigan sana hozircha belgilanmagan. Xizmatni ishga tushirish uchun avvalo Qozog‘iston hukumatining tegishli ruxsatini olish zarur. «inDrive» asoschisi Arsen Tomskining ta’kidlashicha, 2027-yil loyihani amalga oshirish uchun asosiy mo‘ljal sifatida ko‘rilmoqda.

Loyiha doirasida «Pony.ai» kompaniyasi Gen-7 avtonom boshqaruv tizimi bilan jihozlangan avtomobillarni taqdim etadi. «inDrive» yo‘lovchilar transport buyurtma qilishi uchun platformani va xizmatni tashkiliy jihatdan boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. «Nvidia» esa texnologik yordam ko‘rsatadi. Loyihada haydovchiga yordam berish va avtonom boshqaruv tizimlarini ishlab chiqishga mo‘ljallangan Hyperion platformasi, shuningdek, sun’iy intellekt tizimlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Halos yechimidan foydalanish rejalashtirilgan.

Robotaksilar maxsus belgilangan yo‘nalishlarda rul boshqaruvida haydovchisiz harakatlanadi. Loyiha oldidagi asosiy vazifalardan biri texnologiyani Qozog‘istonning iqlim sharoitlariga, xususan, uzoq davom etadigan qish va kuchli qor yog‘ishiga moslashtirishdir. «Pony.ai» o‘z texnologiyalarini bunday sharoitlarda ishlashga moslashtirishni rejalashtirmoqda.

2016-yilda tashkil etilgan «Pony.ai» kompaniyasi avtonom avtomobillar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqadi va haydovchisiz taksi xizmatlarini rivojlantiradi. Kompaniya 2018-yildan buyon Xitoyning Guanchjou shahrida haydovchisiz taksilarni sinovdan o‘tkazib kelmoqda. 2026-yilga kelib, uning faoliyati Pekin va Shenchjen shaharlarini ham qamrab oldi.

Kompaniya Qatar, Singapur, Xorvatiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda ham xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalarini e’lon qilgan. 2025-yilda «Pony.ai» robotaksi parki 720 ta avtomobildan oshgan edi.

Qozog‘istonda rejalashtirilayotgan ushbu loyiha Markaziy Osiyoda avtonom transport texnologiyalarini joriy etish uchun yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin. Shuningdek, uning natijalari haydovchisiz avtomobillardan mintaqaning iqlim sharoitlari va yo‘l harakati xavfsizligi talablarini hisobga olgan holda foydalanish istiqbollarini aniqlashga yordam beradi.

Источник: Amul Info