Sankt-Peterburgda patent asosida ishlaydigan migrantlarga bir qator sohalarda ishlash taqiqlandi

Amul Info · · g498817

Sankt-Peterburgda patent asosida ishlaydigan migrantlarga bir qator sohalarda ishlash taqiqlandi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolar uchun taqiqlangan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirildi. Cheklovlar oziq-ovqat savdosi, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, fitnes markazlari hamda ayrim boshqa xizmat sohalarini qamrab oladi.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarni ishga jalb qilish taqiqlangan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirildi. Yangi cheklovlar oziq-ovqat mahsulotlari savdosi, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, fitnes markazlari hamda ayrim boshqa xizmat turlariga taalluqli bo‘ladi. Bu haqda «Delovoy Peterburg» nashri tegishli hujjatga tayanib xabar berdi.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov tomonidan kengaytirilgan ro‘yxatga ixtisoslashmagan do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlarini chakana sotish, shuningdek, meva-sabzavotlar, go‘sht mahsulotlari, non va qandolat mahsulotlarini ixtisoslashtirilgan tarzda sotish kiritilgan.

Cheklovlar sport va dam olish sohasidagi ta’lim xizmatlariga, tibbiyot sohasidagi ayrim faoliyat turlariga, fitnes markazlariga, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlariga, shuningdek, jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish faoliyatiga ham tatbiq etiladi.

Hujjat talablarini bajarish uchun tegishli sohalarda faoliyat yuritayotgan korxonalarga xorijiy xodimlar sonini yangi qoidalarga muvofiqlashtirish uchun 2026-yil 15-dekabrgacha muddat berildi.

«Fontanka» nashrining xabar berishicha, cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolariga taalluqli emas. Ushbu mamlakatlar fuqarolari belgilangan shartlarga rioya qilgan holda patentsiz ishlashlari mumkin. Ishlash uchun ruxsatnomaga ega xorijiy fuqarolar, jumladan, yuqori malakali mutaxassislar ham cheklovlardan ozod etiladi.

Yangi taqiqlar 2026-yil oxirigacha amal qiladi.

Bundan oldin Sankt-Peterburgda patent asosida ishlaydigan xorijiy fuqarolarni taksi va kuryerlik xizmatlari sohasiga jalb qilish bo‘yicha ham cheklovlar joriy etilgan edi. Ular 2025-yilda kuchga kirib, 2026-yil uchun uzaytirilgan. Ushbu cheklovlarni 2027-yilda ham davom ettirish rejalashtirilmoqda.

Источник: Amul Info