Amazon uy xavfsizligi uchun dron va robot-qo‘riqchini taqdim etdi

Amul Info ·

Amazon uy xavfsizligi uchun dron va robot-qo‘riqchini taqdim etdi

Amazon uy xavfsizligi uchun ikkita yangi qurilma — uchuvchi Ring Drone Cam droni va g‘ildirakli Ring Rover Cam robotini taqdim etdi. Sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan dron 5–7 daqiqa havoda tura oladi, robot esa bir quvvatlanishda taxminan 30 daqiqa ishlaydi. Qurilmalar narxi mos ravishda…

Amerikaning Amazon kompaniyasi uylar xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan ikkita yangi qurilmani — uchuvchi Ring Drone Cam droni va g‘ildirakli Ring Rover Cam robotini taqdim etdi. Yangi qurilmalar kompaniyaning Ring xavfsizlik tizimidagi boshqa uskunalar bilan birgalikda ishlay oladi.

Ring Drone Cam modeli ilk bor 2020-yilda e’lon qilingan edi, biroq uning savdoga chiqarilishi bir necha bor kechiktirildi. Bloomberg nashrining xabar berishicha, ishlab chiqish jarayonida yuzaga kelgan texnik muammolar, jumladan, qo‘shimcha datchiklarning batareya og‘irligini oshirishi va parvoz barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi kechikishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan.

Sun’iy intellekt texnologiyasi yordamida boshqariladigan dron parvoz yo‘nalishini mustaqil tanlaydi va Ring tizimiga ulangan boshqa kameralardan keladigan ogohlantirishlarga javob beradi. Qurilma batareyasining bir marta quvvatlanishi bilan 5–7 daqiqa havoda ucha oladi. Shundan so‘ng u quvvatlash stansiyasiga qaytishi kerak. Shu sababli dron uzoq muddatli havo kuzatuvidan ko‘ra, qisqa muddatli tekshiruvlar uchun mo‘ljallangan.

Foydalanuvchi dronning avtomatik parvoz jadvalini oldindan sozlashi mumkin. Belgilangan vaqtda qurilma havoga ko‘tarilib, uy atrofini aylanadi hamda kameralar, ogohlantirish tizimlari va boshqa Ring qurilmalaridan kelgan xabarlarni tekshiradi. LED chiroqlar qorong‘ida ishlash imkonini beradi va begona shaxslarni uzoqlashtirishga xizmat qiladi. Dron xavfsiz hududlar va parvoz yo‘nalishlarini mustaqil belgilaydi hamda faqat bino ichida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Ring Drone Cam kamerasining ko‘rish burchagi 148 darajani tashkil etadi, video esa 2K formatida yozib olinadi. Og‘irligi 165 gramm bo‘lgan dronning narxi 250 AQSh dollari etib belgilangan. Uning savdosi 2027-yil yanvar oyida boshlanishi kutilmoqda.

Kompaniyaning ikkinchi yangi mahsuloti Ring Rover Cam esa 2023-yilda taqdim etilgan va keyinchalik 2024-yilda savdosi to‘xtatilgan Astro robotining takomillashtirilgan versiyasidir. G‘ildirakli robot mustaqil harakatlana oladi yoki oldindan belgilangan yo‘nalish bo‘ylab yuradi. Shuningdek, foydalanuvchi uni masofadan boshqarib, uyning istalgan xonasiga yo‘naltirishi mumkin. Ring tizimidagi boshqa qurilmada xavfsizlik ogohlantirishi ishga tushganida, robot avtomatik ravishda tegishli joyga harakatlanadi.

Ring Rover Cam harakatlanayotgan vaqtda 4K formatida video yozib oladi hamda tasvirni jonli efirda uzatadi. Uning periskop shaklidagi kamerasi yuqoriga ko‘tarilib, balandligini sozlash imkonini beradi. Katta uylar yoki keng xonalarda robotni topishni osonlashtirish uchun qurilma shiftga yorug‘lik nurlarini ham yo‘naltiradi. Shuningdek, uning ekranida video yozib olinayotgani yoki jonli efir uzatilayotgani kabi tizim bildirishnomalari ko‘rsatiladi.

Amazon ma’lumotlariga ko‘ra, robot bir marta quvvatlanganda taxminan 30 daqiqa ishlaydi. Shu vaqt ichida u bir qavatda joylashgan qariyb 500 kvadrat metr maydonni tekshira oladi. Ko‘p qavatli binolarda kuzatuvni tashkil etish uchun bir nechta robot yoki qo‘shimcha uchuvchi drondan foydalanish talab qilinishi mumkin.

Ring Rover Cam robotining narxi 1 000 AQSh dollarini tashkil etadi. Qurilmani xaridorlarga yetkazib berish 2026-yil 16-dekabrda boshlanishi rejalashtirilgan.

Bloomberg nashri sharhlovchilarining fikricha, ushbu robot nafaqat uy-joylarda, balki omborxonalar va boshqa yirik ish maydonlarida kuzatuvni tashkil etishda ham foydali bo‘lishi mumkin.

Источник: Amul Info