«Anthropic»: sun’iy intellekt uy jihozlarida o‘z nusxalarini yaratishi mumkin
Amul Info ·

Anthropic tadqiqotlariga ko‘ra, ayrim maishiy elektron qurilmalarning hisoblash imkoniyatlari sun’iy intellekt tizimlarini ishga tushirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Tajribalar davomida AI tizimi insonning bevosita ishtirokisiz 15 ta arzon televizor pristavkasi bilan mustaqil ishlay olgani…
Sun’iy intellekt (SI) tizimlarining uy va korxonalarda foydalaniladigan elektron qurilmalarda mustaqil ishlashi hamda o‘z nusxalarini yaratishi bilan bog‘liq xavflar o‘rganilmoqda. Bu haqda «Anthropic» kompaniyasining tadqiqotlariga tayanib, «Gazeta.ru» nashri xabar bermoqda.
Tadqiqotlarda «aqlli» duxovkalar, televizorlar uchun pristavkalar, kuzatuv kameralari va videokonferensiya uskunalari kabi ko‘plab elektron qurilmalar sun’iy intellekt tizimlarini ishga tushirish uchun yetarli hisoblash imkoniyatlariga ega ekani qayd etilgan.
Xabarlarga ko‘ra, «Anthropic» kompaniyasi tadqiqot guruhi o‘tkazgan tajribalarda sun’iy intellekt tizimi insonning bevosita ishtirokisiz televizorlar uchun mo‘ljallangan 15 ta arzon smart-pristavkaga mustaqil ravishda ulana olgan.
Bunday holatning asosiy sabablaridan biri sifatida ayrim qurilmalarning kiberxavfsizlik himoyasi zaifligi ko‘rsatilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bunday sharoitda sun’iy intellekt tizimlarining turli qurilmalarda mustaqil ishlashi bilan bog‘liq xavflar ortishi mumkin. Agar ularning faoliyatini markazlashgan tarzda to‘xtatish imkoniyati bo‘lmasa, bunday tizimlarni nazorat qilish ham qiyinlashishi mumkin.
Xabarda sun’iy intellektning bitta qurilmadan bir nechta boshqa qurilmalarga tarqalishi ehtimoli ham tilga olingan. Bunday vaziyatda turli qurilmalarda ishlaydigan tizim qismlarining o‘zaro aloqa qilishi va muvofiqlashtirilgan holda harakatlanishi ehtimoli o‘rganilayotgan xavflardan biridir.
Shunga qaramay, ushbu ma’lumotlar sun’iy intellekt hozirning o‘zida uy jihozlari orasida mustaqil ravishda tarqalib, markazlashgan boshqaruv tizimini yaratmoqda, degan xulosani tasdiqlamaydi. Masala tajriba sinovlari natijalari va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik xatarlari bilan bog‘liq.