Kembrij lug‘ati «human» so‘zini 2026-yil so‘zi deb e’lon qildi

Amul Info ·

Kembrij lug‘ati «human» so‘zini 2026-yil so‘zi deb e’lon qildi

Kembrij ingliz tili lug‘ati sun’iy intellektning jadal rivojlanishi va uning kundalik hayotga ta’siri bilan bog‘liq holda «human» («inson») so‘zini 2026-yil so‘zi sifatida tanladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, «human-written», «human-generated» va «human-made» kabi iboralarning tobora ko‘proq…

Kembrij ingliz tili lug‘ati (Cambridge Dictionary) ingliz tilidagi «human» («inson») so‘zini 2026-yil so‘zi sifatida tanladi. Bu tanlov sun’iy intellektning kundalik hayotga tobora keng kirib borayotgani hamda texnologiyalar rivoji sharoitida «inson bo‘lish nimani anglatadi?» degan savolning qayta muhokama qilinayotgani bilan izohlanadi.

Lug‘at tuzuvchilarining ta’kidlashicha, sun’iy intellekt imkoniyatlarining kengayishi odamlar va mashinalar o‘rtasidagi farqlar haqidagi qarashlarga ta’sir ko‘rsatmoqda. Texnologiyalarning kundalik hayotdagi o‘rni ortib, ularga qaramlik kuchayib borayotgani insonning jamiyatdagi mavqei kelajakda qanday o‘zgarishi haqidagi savollarni yuzaga chiqarmoqda.

Kembrij lug‘atining leksikografi Kolin Makintoshning fikricha, odamlar ayrim fikrlash bilan bog‘liq vazifalarni texnologiyalarga topshirishi natijasida o‘z qobiliyatlarini yo‘qotishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sun’iy intellektdan foydalanishga qayta baho berish zarurligini ko‘rsatadi. Bu holat, shuningdek, texnologiyalarning inson hayotidagi o‘rni va tafakkurining ahamiyati haqida chuqurroq o‘ylashga undaydi.

Cambridge University Press nashriyoti boshqaruv kengashi a’zosi Francheska Vudvord ham sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan davrda «human» so‘zi zamon ruhini ifodalovchi muhim tushunchalardan biriga aylanganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt taraqqiyoti hatto insoniyat kelajagiga xavf tug‘dirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar fonida odamlar inson bo‘lishning asl mazmuniga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Kembrij lug‘ati mutaxassislari ingliz tilida «human» so‘zining boshqa so‘zlar bilan birikma shaklida qo‘llanishi ham ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Masalan, «human-written» — inson tomonidan yozilgan, «human-generated» — inson tomonidan yaratilgan, «human-made» esa inson tomonidan yasalgan yoki tayyorlangan degan ma’nolarni anglatadi.

Ushbu birikmalar muayyan ish yoki mahsulot sun’iy intellekt emas, balki inson ishtirokida yaratilganini alohida ta’kidlash uchun qo‘llanadi. Shu tariqa, «human» so‘zining 2026-yil so‘zi sifatida tanlanishi sun’iy intellekt rivojlanayotgan davrda inson tafakkuri, ijodkorligi va o‘ziga xosligining ahamiyatiga e’tibor qaratadi.

Источник: Amul Info