Tojikiston Eron, Turkmaniston va Ozarbayjondan yoqilg‘i import qilish uchun bojxona bojlarini bekor qildi
Amul Info ·

Tojikiston hukumati 2026-yil 31-dekabrgacha MDH erkin savdo zonasiga kirmaydigan mamlakatlardan olib kiriladigan benzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz va boshqa neft mahsulotlari uchun import bojlarini nolga tushirdi. Bu qaror Turkmaniston, Eron va Ozarbayjondan yoqilg‘i mahsulotlarini…
Tojikiston hukumati 2026-yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining erkin savdo hududiga kirmaydigan mamlakatlardan olib kiriladigan benzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz va boshqa neft mahsulotlari uchun import bojxona bojlarini nol darajagacha tushirdi. Ushbu qaror Eron, Turkmaniston va Ozarbayjondan yoqilg‘i mahsulotlarini imtiyozli shartlarda olib kirish imkonini beradi. Bu haqda «Fergana news» nashri xabar bermoqda.
Yangi imtiyoz 2026-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi. U neft mahsulotlari va neft gazlarini, jumladan, suyultirilgan gazni qamrab oladi. Biroq xom neft ushbu qaror doirasiga kirmaydi.
Rossiya, Qozog‘iston va MDHning erkin savdo hududiga kiruvchi boshqa mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlar uchun bojxona bojlarining nol stavkasi avvaldan amal qilib kelayotgan edi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston 2026-yilning dastlabki olti oyida qiymati 494,7 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 599,5 ming tonna neft mahsulotlarini import qilgan. Keltirilgan yoqilg‘ining 91 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Belarusning ulushi 2,8 foizni, Turkmanistonniki 1,9 foizni, Qozog‘istonniki esa 1 foizni tashkil etgan. O‘zbekiston va Qirg‘izistonning har biri importning 0,9 foizini ta’minlagan.