“Gyzylayaq” tarixiy yodgorligidan qadimgi moddiy madaniyatga oid topilmalar aniqlandi
Amul Info · · kerki, lebap

Lebap viloyatining Kerki tumanida joylashgan «Qiziloyoq» tarixiy-madaniy yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida qadimgi aholining turmushi, qurilish madaniyati va xo‘jalik faoliyatiga oid topilmalar topildi. Qal’aning ichki qismidagi 5×5 metrli maydonda olib borilgan qazish…
Lebap viloyatining Kerki tumanidagi Gyzylayaq geňeşligi hududida joylashgan “Gyzylayaq” tarixiy-madaniy yodgorligida arxeologik qazish ishlari olib borildi. Tadqiqotlar davomida qadimiy qal’aning tuzilishi, u yerda yashagan aholining turmush tarzi va xo‘jalik faoliyatiga oid bir qator topilmalar aniqlandi. Bu haqda “Türkmenistan” gazetasi xabar berdi.
Qazish ishlari yodgorlikning Erk qal’asida 5 × 5 metr o‘lchamdagi maydonda olib borildi. Tadqiqotchilar taxminan 1,4 metr chuqurlikkacha qazish ishlarini davom ettirib, turli davrlarga oid madaniy qatlamlarni o‘rgandilar.
Tadqiqotlarning asosiy maqsadi eramizning I–IV asrlarida Amudaryoning o‘rta oqimida yashagan aholining moddiy madaniyatini hamda Kushonlar davrida shakllangan o‘troq qishloqlarning rivojlanishini o‘rganishdan iborat. Shuningdek, Parfiya davlatining avvalgi ko‘chmanchi madaniyati mahalliy aholining turmush tarzidagi o‘zgarishlarga qanday ta’sir ko‘rsatganini aniqlash, to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish va ularni ilmiy muomalaga kiritish ham ko‘zda tutilgan.
Gyzylayaq qal’asi Amudaryoning chap sohilida, Yunon-Baqtriya davlati hududiga yaqin joylashgan muhim tarixiy yodgorliklardan biridir. Bugungi kunda majmua ulkan tepalik ko‘rinishida saqlanib qolgan. Qadimda qal’a sun’iy ravishda ko‘tarilgan platforma ustiga qurilgan. Daryodan o‘tish uchun qulay joyda joylashgani uning karvon yo‘llarini nazorat qilishda muhim o‘rin tutganidan dalolat beradi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a ichki qo‘rg‘on — Erk qal’asi va aholi yashagan shahristondan iborat bo‘lgan. Erk qal’asining balandligi 10–15 metrga yetgan. Kvadrat shaklda qurilgan qal’a atrofida suvni chiqarib yuborish uchun maxsus ariq ham bo‘lgan. Shahriston esa majmuaning janubiy qismida joylashgan.
Qazish ishlari davomida sopol idish bo‘laklari, devor qoldiqlari va turli o‘lchamdagi pishiq g‘ishtlar topildi. Shuningdek, mis tanga bo‘lagi, o‘rta asrlarga oid mis kosa, sirlangan shamdon, yuzasiga suv to‘lqinlari tasviri tushirilgan katta xum bo‘laklari hamda ikki turdagi tegirmon toshlarining qoldiqlari aniqlandi. Bundan tashqari, oyoqlari va bosh qismi shikastlangan ot haykalchasi hamda turli maishiy idishlarning parchalari topildi.
Olimlarning alohida e’tiborini tortgan topilmalardan biri kuyib kulga aylangan novdalar orasidan topilgan ipak qurti pillasining kichik bo‘lagi bo‘ldi. Shuningdek, novdalardan biri ikkinchisining ustiga ko‘ndalang qilib joylashtirilgani aniqlandi.
Turli o‘lchamdagi pishiq g‘ishtlarning topilishi bu hududda qurilish ishlari rivojlanganini ko‘rsatadi. Topilmalar Gyzylayaq qal’asi qadimda Amudaryoning o‘rta oqimida yashagan o‘troq aholining turmushi, me’morchiligi va xo‘jalik madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi.