Xitoyda 1800 yillik qadimiy qayiqlar va Buyuk Xitoy devorining tarixiy qismi topildi

Amul Info · · g1816670

Xitoyda 1800 yillik qadimiy qayiqlar va Buyuk Xitoy devorining tarixiy qismi topildi

Pekinda arxeologlar taxminan 1800 yillik uchta qadimiy qayiq va Suy sulolasi davriga oid Buyuk Xitoy devorining bir qismini topdilar. Ushbu topilmalar Xitoyning qadimgi mudofaa inshootlari, suv yo‘llari va savdo aloqalari tarixini chuqurroq o‘rganishga yordam beradi.

Xitoy poytaxti Pekinda olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator topilmalar aniqlandi. Olimlar Changping tumanida Suy sulolasi (581–618-yillar) davriga oid Buyuk Xitoy devorining bir qismini, Fengtai tumanida esa taxminan 1800 yillik tarixga ega uchta qadimiy qayiqni topdilar.

Changping tumanidagi arxeologik qazishmalar umumiy 800 kvadrat metr maydonni qamrab oldi. Bu yerda arxeologlar Buyuk Xitoy devori yaqinida joylashgan harbiy kuzatuv punkti qoldiqlarini aniqladilar. Inshootning shimoliy qismi avvalgi qurilma bilan tutashgan. Shuningdek, hududda turli binolar va tashqi devorlarning qoldiqlari ham saqlanib qolgan.

Tadqiqotlar natijasida devorlar asosan sariq loy va tosh parchalari bilan mustahkamlangan tosh qatorlaridan qurilgani aniqlandi. Ushbu qurilish usuli Min sulolasi (1368–1644-yillar) davrida qo‘llanilgan harbiy-me’moriy yechimlardan farq qiladi.

Topilmalarning qaysi davrga mansubligini aniqlashda Suy sulolasi davridan qolgan sopol buyumlar parchalari va tangalar muhim ma’lumot berdi. Olimlarning taxminiga ko‘ra, mazkur harbiy inshoot Shimoliy Qi va Suy sulolalari, shuningdek, Szin sulolasi (1115–1234-yillar) hukmronligi davrida foydalanilgan.

Yana bir muhim topilmalar Fengtai tumanida aniqlandi. Bu yerda yer sathidan taxminan 7 metr chuqurlikda, qadimiy Szinchjundu shahri xarobalari yaqinidan uchta qayiq topildi. Qayiqlarda xitoy tilidagi «guan» (davlat xizmatchisi yoki hokimiyat) ma’nosini anglatuvchi ieroglif mavjudligi aniqlandi. Ushbu yozuvlar qayiqlar davlat nazorati ostida yasalgan va foydalanilganini ko‘rsatadi.

Pekin arxeologiya instituti (BIA) ma’lumotlariga ko‘ra, qadimda bu hududdan muhim suv yo‘li o‘tgan. Topilgan qayiqlar mintaqaning tarixiy suv transporti va savdo aloqalari haqida yangi ma’lumotlarni o‘rganish imkonini beradi.

So‘nggi arxeologik kashfiyotlar Pekinning qadimiy tarixini, shuningdek, Xitoyda harbiy inshootlar va suv yo‘llarining rivojlanish xususiyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Источник: Amul Info