Kubanychbek Omuraliyev Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti etib tayinlandi

Amul Info ·

Kubanychbek Omuraliyev Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti etib tayinlandi

Turkiy davlatlar tashkilotining sobiq Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti etib bir ovozdan saylandi. U 2022-yil noyabridan 2026-yil noyabrigacha TDT Bosh kotibi lavozimida ishlagan. Yangi lavozimida a’zo davlatlar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni…

Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) sobiq Bosh kotibi Kubanychbek Omuraliyev Turkiy investitsiya jamg‘armasi (TIJ) prezidenti lavozimiga bir ovozdan saylandi. Bu haqda “Atavatan Türkmenistan” nashri Turkiy davlatlar tashkiloti matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Tegishli qaror Jamg‘armaning Boshqaruvchilar kengashi tomonidan qabul qilindi.

Kubanychbek Omuraliyev 2022-yil noyabridan 2026-yil noyabrigacha Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritdi. Ushbu davr mobaynida u turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish hamda tashkilotning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish borasida ish olib bordi.

Yangi lavozimida Omuraliyev investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.

Bundan avval O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Mirvohid Azimov Turkiy davlatlar tashkilotining yangi Bosh kotibi etib tayinlandi.

Turkiy investitsiya jamg‘armasi turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqalararo savdoni rivojlantirish va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan birinchi ixtisoslashtirilgan xalqaro moliya muassasasidir.

Jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis bitimi 2023-yil 16-mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida imzolangan. Hujjat 2024-yil 24-fevralda kuchga kirgan.

Turkiy investitsiya jamg‘armasining ustav kapitali 600 million AQSh dollariga teng. Jamg‘arma mablag‘lari a’zo davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, aholining turmush darajasini oshirish, investitsiyalar va innovatsion yechimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, uning faoliyati “Turkiy dunyoning iqtisodiy integratsiyasi” konsepsiyasi doirasida mintaqalararo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Источник: Amul Info