Krishtianu Ronaldu 2 milliard dollar daromadga erishgan ilk sportchi bo‘ldi

Amul Info ·

Krishtianu Ronaldu 2 milliard dollar daromadga erishgan ilk sportchi bo‘ldi

Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronalduning sport faoliyati va biznes loyihalaridan olgan jami daromadi 2 milliard dollarga yetdi. «Forbes» ma’lumotlariga ko‘ra, u 2026/2027-yilgi mavsumda Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubidan 250 million dollar, reklama va boshqa tijorat loyihalaridan…

Portugaliyalik mashhur futbolchi Krishtianu Ronaldu sport faoliyati va tadbirkorlik ishlaridan olgan jami daromadi 2 milliard dollarga yetgan ilk sportchi bo‘ldi. Bu haqda Forbes nashrining hisob-kitoblariga tayanib xabar berilmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ronaldu 2026/2027-yilgi mavsumda Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida o‘ynagani uchun 250 million dollar ishlab topadi. Bundan tashqari, reklama shartnomalari va boshqa tijoriy loyihalardan uning daromadi 50 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Shuningdek, kelasi yili AQShning “Inter Mayami” klubida to‘p surayotgan argentinalik futbolchi Lionel Messining jami daromadi ham 2 milliard dollardan oshishi taxmin qilinmoqda.

41 yoshli Krishtianu Ronaldu futbol tarixidagi eng muvaffaqiyatli o‘yinchilardan biri hisoblanadi. U “Oltin to‘p” mukofotini besh marta qo‘lga kiritgan, UEFA Chempionlar ligasida besh marta g‘olib bo‘lgan, Yevropa chempioni va UEFA Millatlar ligasining ikki karra g‘olibiga aylangan.

Ronaldu milliy terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, UEFA Chempionlar ligasi hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchilardan biri sifatida tanilgan.

Portugaliyalik hujumchi 2022-yil dekabridan beri “Al-Nasr” klubida o‘ynamoqda. Faoliyati davomida u Portugaliyaning “Sporting”, Angliyaning “Manchester Yunayted”, Ispaniyaning “Real Madrid” va Italiyaning “Yuventus” klublari safida ham to‘p surgan.

Источник: Amul Info