Xitoy dunyodagi ilk avtonom suzuvchi ilmiy platformani quradi
Amul Info ·

Xitoy okean tubini uzoq muddat o‘rganish uchun mo‘ljallangan, suv sig‘imi 74 ming tonnaga yetadigan ilmiy platforma qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Olti ixtisoslashgan laboratoriyaga ega majmua qurilishini 2028-yilda boshlash va 2030-yil iyunida yakunlash rejalashtirilgan.
Xitoy okean tubida uzoq muddatli ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun mo‘ljallangan, suv sig‘imi 74 ming tonnagacha yetadigan avtonom suzuvchi ilmiy-tadqiqot platformasini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha murakkab dengiz sharoitlarida uzoq vaqt davomida ishlashga qodir yirik ilmiy majmuani yaratishni nazarda tutadi.
Yangi platforma o‘z turidagi ilk suzuvchi sun’iy «orol» sifatida ta’riflanmoqda. U ilmiy laboratoriyalar, yashash xonalari va keng ish maydonlarini birlashtirib, olimlarga ochiq dengizda uzoq muddatli kuzatuvlar olib borish imkonini beradi.
Platformadan Shanxay Jiao Tong universiteti foydalanadi. Uni loyihalash va qurish ishlari Xitoy Davlat kemasozlik korporatsiyasi (CSSC) tarkibiga kiruvchi Shanghai Waigaoqiao Shipbuilding kompaniyasiga topshirilgan. Qurilishni 2028-yilda boshlash, tayyor majmuani esa 2030-yil iyun oyida buyurtmachiga topshirish rejalashtirilgan.
An’anaviy ilmiy-tadqiqot kemalaridan farqli ravishda, yangi platforma ikki korpusli katamaran shaklida va yarim suvga botuvchi konstruksiyada quriladi. Bunday muhandislik yechimi uning dengizdagi barqarorligini oshirish va qirg‘oqdan uzoqda uzoq vaqt ishlashini ta’minlashga qaratilgan. Platforma tadqiqot olib boriladigan hududlar o‘rtasida mustaqil harakatlanib, zarur ilmiy uskunalar va mutaxassislarni kerakli joylarga yetkazishi mumkin.
Loyihaning texnik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, platformaning uzunligi 138 metr, eni 85 metr, asosiy palubasining balandligi esa 45 metrni tashkil etadi. Uning suv sig‘imi 74 ming tonnaga yetadi, eng yuqori tezligi esa soatiga taxminan 20 kilometr bo‘ladi.
Qurilishda katamaran shaklining qo‘llanilishi platformaning to‘lqinli dengiz sharoitida barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Loyihaga ko‘ra, u xalqaro shkala bo‘yicha dengiz to‘lqinlari yetti ballga yetganida ham ishlay oladi. Bunday sharoitda to‘lqinlarning katta qismi taxminan 6–9 metr balandlikka yetishi mumkin. Bundan tashqari, platforma shamolning barqaror tezligi soatiga 260 kilometrdan oshadigan kuchli tayfun sharoitlariga bardosh beradigan qilib loyihalanmoqda.
Loyihaning asosiy xususiyatlaridan biri — platformaning mustaqil harakatlana olishidir. Bir joyga doimiy mahkamlangan dengiz inshootlaridan farqli ravishda, yangi majmua ilmiy tadqiqotlar ehtiyojiga qarab o‘z joylashuvini o‘zgartira oladi. Shu tariqa, u harakatlanuvchi kemaning imkoniyatlarini yirik suzuvchi ilmiy markazning qulayliklari bilan birlashtiradi.
Platformada oltita ixtisoslashtirilgan laboratoriya joylashtiriladi. Ularda chuqur dengiz sharoitida qo‘llaniladigan uskunalar va tizimli texnologiyalar, xavfli dengiz hodisalari, meteorologik sharoitlar hamda okean ekotizimlaridagi uzoq muddatli o‘zgarishlar o‘rganiladi.
Ilmiy dastur nafaqat katta chuqurliklarda ishlaydigan texnik uskunalarni sinovdan o‘tkazish, balki Jahon okeanining holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy jarayonlarni tadqiq etishni ham qamrab oladi. Uzoq muddatli kuzatuvlar qisqa ilmiy ekspeditsiyalar davomida aniqlash qiyin bo‘lgan o‘zgarishlarni batafsil o‘rganish imkonini beradi. Shuningdek, platformaning texnik xonalarida dengiz uskunalari va turli muhandislik tizimlarini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Majmua ekipaj a’zolari va olimlarni hisobga olgan holda jami 238 kishini joylashtirishga mo‘ljallangan. Bunday sig‘im uzoq muddatli ekspeditsiyalarni tashkil etish, mutaxassislarni tez-tez almashtirish zaruratini kamaytirish va ta’minot uchun portga qaytishlar sonini qisqartirishga yordam beradi.
Qurilish ishlari yakunlangach, platforma bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini berishi kutilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi okean tubini o‘rganish, dengiz texnologiyalarini rivojlantirish va uzoq muddatli ilmiy kuzatuvlar imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.