Toqayev Rossiyani Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shilishga taklif etdi
Amul Info ·

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Turkiy davlatlar tashkilotining XIII sammitida Rossiyaning tashkilotga qo‘shilishi yoki kuzatuvchi maqomida ishtirok etishini taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus turkiy dunyo bilan tarixiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi…
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Rossiyaning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) faoliyatiga qo‘shilishi yoki tashkilotda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi. U bu taklifni Anqarada bo‘lib o‘tgan TDTning XIII sammitida ilgari surdi.
Qozog‘iston davlat rahbarining ta’kidlashicha, tashkilotning xalqaro nufuzini oshirish va hamkorlikni kengaytirish uchun “Turkiy davlatlar tashkiloti+” formatining imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimdir. Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi “Aqorda”ga tayanib xabar berdi.
Toqayev Rossiyaning turkiy dunyo bilan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalari mavjudligini, mamlakat hududida ko‘plab turkiy xalqlar yashashini qayd etdi. Shuningdek, u Rossiya “Oltoy — turkiy sivilizatsiya beshigi” loyihasini ilgari surayotganini va Qozog‘iston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Prezidentning fikricha, Rossiyaning tashkilot faoliyatiga qo‘shilishi yoki unda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi barcha a’zo davlatlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Toqayev o‘z nutqida Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy dunyo birdamligini mustahkamlash va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi o‘ziga xos xalqaro tuzilma ekanini ham alohida ta’kidladi.