Yevropada yo‘lbars chivinining tarqalishi tropik yuqumli kasalliklar xavfini oshirmoqda
Amul Info ·

Osiyodan kelib chiqqan yo‘lbars chivini (Aedes albopictus)ning Yevropada tarqalishi denge isitmasi, chikungunya va Zika virusi kabi tropik kasalliklarning mahalliy darajada yuqish xavfini oshirmoqda. Lissabonda chivinlar sonini kamaytirish maqsadida 30 mingta steril erkak chivin tabiatga qo‘yib…
Osiyodan kelib chiqqan yo‘lbars chivinining (Aedes albopictus) Yevropa mamlakatlarida tarqalishi dengue isitmasi, chikungunya va Zika virusi kabi tropik yuqumli kasalliklarning mahalliy darajada yuzaga kelish xavfini oshirmoqda. Iqlimning isishi va xalqaro qatnovlarning ko‘payishi munosabati bilan Yevropa mamlakatlari ushbu hasharotlar soni ustidan nazoratni kuchaytirmoqda, epidemiologik kuzatuv tizimlarini takomillashtirmoqda hamda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda «Euronews» xabar beradi.
Bunday choralardan biri Portugaliyada amalga oshirildi. Sentabr oyida Lissabonda yo‘lbars chivinining 30 mingta steril erkagi tabiiy muhitga qo‘yib yuborildi. Bu usul ikkinchi bor qo‘llanmoqda. Nurlantirish orqali steril qilingan erkak chivinlar urg‘ochilari bilan juftlasha oladi, biroq ulardan nasl paydo bo‘lmaydi. Ushbu usul hasharotlar sonini kamaytirishga qaratilgan.
Janubi-Sharqiy Osiyodan kelib chiqqan yo‘lbars chivini 1990-yillarda ishlatilgan avtomobil shinalari orqali Italiyaga kirib kelgan, deb taxmin qilinadi. Keyinchalik u Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Shveytsariya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqalgan.
Asosiy xavf nafaqat chivinning yashash hududi kengayishi, balki yuqumli kasalliklarning mahalliy darajada yuqish ehtimoli bilan ham bog‘liq. Ushbu kasalliklar keng tarqalgan hududlardan kelgan sayyohlar viruslarni o‘zlari bilan olib kelishi mumkin. Mahalliy chivin zararlangan odamni chaqqanida, virus tashuvchisiga aylanib, uni boshqa odamlarga ham yuqtirishi mumkin.
Yevropalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, muayyan hududda allaqachon o‘rnashib olgan chivinlar populyatsiyasini butunlay yo‘q qilish juda qiyin. Shu sababli asosiy e’tibor bir nechta usulni birgalikda qo‘llashga qaratilmoqda. Ular orasida chivinlar sonini nazorat qilish, yuqumli kasalliklarni erta aniqlash va sog‘liqni saqlash muassasalarining tayyorgarligini oshirish bor.
Bu jarayonda aholining ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Mosquito Alert mobil ilovasi aholiga yo‘lbars chivini yangi hududlarda paydo bo‘lgani haqida xabar berish imkonini yaratadi. Bunday ma’lumotlar hasharotlar tarqalish hududidagi o‘zgarishlarni kuzatishga yordam beradi.
Ekologik epidemiolog Yan Semenzaning baholashicha, chivinlar har yili shimol tomonga taxminan 60 kilometrga tarqalmoqda, yuqumli kasalliklar kuzatiladigan hududlar esa bundan ham tezroq kengaymoqda.
Qo‘shimcha nazorat usullaridan yana biri oqova suvlarni tekshirishdir. Yevropa Ittifoqining sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va tezkor javob berish bo‘yicha agentligi — HERA ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu kuzatuv kasallangan odamlar tibbiy yordamga murojaat qilishidan oldin viruslar tarqalishining belgilarini aniqlash imkonini beradi.
HERA yangi diagnostika usullarini ishlab chiqish uchun 10 million yevro yo‘naltirmoqda. Shuningdek, agentlik virusga qarshi dori vositalari va vaksinalarni yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Boshqa usullar qatorida chivinlarning viruslarni yuqtirish qobiliyatini pasaytirish uchun qo‘llaniladigan Wolbachia bakteriyasi ham bor. Shunga qaramay, mutaxassislar alohida olingan usullarning hech biri bu muammoni to‘liq hal qila olmasligini ta’kidlamoqda.
Yo‘lbars chivinining tarqalish hududi kengayishi Yevropa mamlakatlaridan nafaqat hasharotlarga qarshi kurashishni, balki sog‘liqni saqlash tizimining kompleks tayyorgarligini ham talab qiladi. Chivinlar sonini nazorat qilish, yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, dori vositalarining mavjudligini ta’minlash va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish profilaktika choralarining o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlari hisoblanadi. Shu tariqa, ilgari asosan tropik mintaqalarga xos deb hisoblangan yuqumli kasalliklar Yevropa sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham muhim muammoga aylanmoqda.