Mercedes-Benz Germaniyadagi investitsiyalarini to‘xtatish va zavodlarini yopish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Amul Info ·

Mercedes-Benz Germaniyadagi kelajakdagi investitsiyalarini to‘xtatish va ayrim zavodlarini yopish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga mehnat xarajatlarini kamaytirish masalasida kasaba uyushmalari bilan to‘rt oy davom etgan muzokaralarning natijasiz yakunlangani sabab bo‘lgan. Kompaniya ish haqini…
«Mercedes-Benz» kompaniyasi Germaniyadagi kelgusi investitsiyalarini to‘xtatish va ayrim zavodlarini yopish imkoniyatini ko‘rib chiqishga qaror qildi. Bunga mehnat haqi bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish masalasida kasaba uyushmalari bilan kelishuvga erishilmagani sabab bo‘ldi. Bu haqda «Financial Times» nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xarajatlarni qisqartirish maqsadida kompaniya xodimlarning haftalik ish vaqtini ish haqini oshirmagan holda 35 soatdan 40 soatga ko‘paytirishni taklif qilgan edi. Biroq to‘rt oy davom etgan muzokaralar chog‘ida tomonlar umumiy kelishuvga erisha olmadi.
«Mercedes-Benz» ishlab chiqarish bo‘limi rahbari Maykl Shibe amaldagi xarajatlar tuzilmasi kompaniyaga Germaniyada investitsiya kiritish imkonini bermayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha kasaba uyushmalari bilan kelishuvga erishish yo‘li ko‘rinmayapti.
Kompaniya boshqaruv kengashi a’zosi Britta Zeeger Germaniyadagi zavodlarning yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini, biroq mavjud vaziyatda bu variantni yanada jiddiy ko‘rib chiqishga majbur bo‘layotganlarini ta’kidladi.
«Mercedes-Benz» kompaniyasining Germaniyada jami 12 ta zavodi bor. 2025-yil oxiriga kelib, mamlakatda kompaniyaning 107 mingdan ortiq xodimi faoliyat yuritgan. Bu ko‘rsatkich konsernning jami xodimlari sonining qariyb 66 foiziga teng bo‘lgan.
2026-yil oktabr oyida avtomobil ishlab chiqaruvchi Xitoyda sotuvlar kamayishi sababli daromadi pasayishini ma’lum qilib, faoliyatini qayta tashkil etish choralarini jadallashtirdi.
«Financial Times» nashrining qayd etishicha, Germaniya avtomobil sanoati ishlab chiqarish xarajatlarining yuqoriligi hamda Xitoyning elektromobil va gibrid avtomobil ishlab chiqaruvchilari tomonidan Yevropa bozorida raqobat kuchayishi bilan yuzlashmoqda.
«Reuters» agentligi keltirgan «Roland Berger» konsalting kompaniyasi prognoziga ko‘ra, Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan raqobat kuchayishi natijasida 2030-yilga borib Germaniya avtomobil sanoatida kamida 200 mingta ish o‘rni qisqarishi mumkin.
Bundan avval, 2026-yil sentabr oyida Germaniyaning yana bir yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi «Volkswagen» ham faoliyatini qayta tashkil etish rejasini tasdiqlagan edi. Ushbu rejaga muvofiq, kompaniya 50 ming nafar xodimini ishdan bo‘shatish, Germaniyadagi to‘rtta zavodini yopish va ishlab chiqariladigan avtomobil modellari sonini kamaytirishni ko‘zda tutmoqda.