AQShda havo qatnovidagi keng ko‘lamli uzilish sababi ma’lum qilindi

Amul Info ·

AQShda havo qatnovidagi keng ko‘lamli uzilish sababi ma’lum qilindi

AQShda havo harakatini boshqarish markazlaridagi radar aloqasining beqaror ishlashi ko‘plab reyslarning kechikishi va vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi. Transport vaziri Shon Daffi bu holatni eskirgan havo harakatini boshqarish tizimi bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, tizimni modernizatsiya…

AQSh transport vaziri Shon Daffining aytishicha, havo harakatini boshqarish markazlarida radar aloqasining beqaror ishlashi parvozlarning kechikishi va vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan.

«The New York Times» nashriga tayanib, «Report» axborot agentligi xabar berishicha, vazir bu haqda ichki xavfsizlik vaziri Markveyn Mallin bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Shon Daffining ta’kidlashicha, AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) parvozlarni to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergan paytda 3 500 dan ortiq samolyot allaqachon havoda bo‘lgan.

Transport vaziri yuzaga kelgan uzilishlarni havo harakatini boshqarish tizimining haddan tashqari eskirgani bilan izohladi. Vazirlardan bu holat kiberhujum yoki nazoratdan chiqqan sun’iy intellekt oqibati emasligiga to‘liq ishonch bildira olishlari so‘ralganida, Markveyn Mallin hozircha bunga yuz foiz kafolat berishning imkoni yo‘qligini, biroq dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sabab bunday emasligini aytdi.

Nashrning yozishicha, Shon Daffi so‘nggi bir necha oy davomida havo harakatini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish uchun Kongressdan qo‘shimcha 30 milliard dollar ajratishni talab qilib kelgan. Parvozlarda yuzaga kelgan uzilishlardan so‘ng esa vazir ushbu maqsad uchun endi 50 milliard dollar kerak bo‘lishini ma’lum qildi.

Источник: Amul Info