Torontoda haydovchisiz avtomobillar xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Amul Info · · g6167865

Torontoda haydovchisiz avtomobillar xizmati yo‘lga qo‘yiladi

«Waymo» kompaniyasi Kanadaning Toronto shahrida haydovchisiz taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dastlab shahar ko‘chalarining batafsil xaritasi tuzilib, sinov safarlari o‘tkaziladi. Torontoning sovuq iqlimi avtonom avtomobillar ishonchliligini tekshirishda muhim sinov bo‘ladi.

Alphabet kompaniyasiga tegishli Waymo brendi Kanadaning Toronto shahrida haydovchisiz avtomobillar xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlamoqda.

Dastlab kompaniya shahar ko‘chalarining yuqori aniqlikdagi xaritasini yaratadi, shundan so‘ng sinov safarlarini o‘tkazadi. Ushbu bosqichda Waymo avtomobillari salonida haydovchi bo‘lgan holda harakatlanishi kutilmoqda. Sinov ishlari yakunlangach, robotaksi xizmatini keng jamoatchilikka taqdim etish rejalashtirilgan.

Waymo hozirda haydovchisiz boshqaruv texnologiyalarini rivojlantirish va xizmatlari geografiyasini kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Kompaniya o‘tgan yilning mart oyida AQShning Ostin va Atlanta shaharlarida tijorat xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Hozirda uning robotaksi xizmati AQShning 15 ta shahrida mavjud. Shuningdek, London va Tokio shaharlarida ham sinov ishlari olib borilmoqda.

Toronto shahrining ob-havo sharoiti kompaniya uchun alohida sinov bo‘ladi. Chunki bu shahar sovuq iqlimi bilan ajralib turadi. Shu sababli haydovchisiz avtomobillarning turli ob-havo sharoitlarida harakatlanish imkoniyatlari hamda texnologiyaning ishonchliligi tekshiriladi.

Источник: Amul Info