Turkmanistonda yosh avlod orasida ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda
Amul Info ·

COP-31 doirasida Antaliyada o‘tkazilgan uchrashuvlarda Turkmanistonning yosh avlod ekologik savodxonligini oshirish borasidagi tajribasi taqdim etildi. Mamlakatda ekologik ta’lim maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlanib, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida davom ettirilmoqda. Hozirda…
Turkmaniston delegatsiyasi BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP-31) doirasida Antaliyada o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvlar va munozaralarda faol ishtirok etdi. Konferensiya davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik texnologiyalarni joriy etish hamda yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda «Orient» nashri xabar beradi.
Xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlari transchegaraviy suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan yo‘qotish va zararni baholash, ishlab chiqarishda ekologik standartlarni yaqinlashtirish hamda texnologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlarini bayon etdilar.
Turkmaniston konferensiyaning «Yashil hudud» deb nomlangan qismida o‘z Milliy pavilyonini ochib, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning ekologik muammolari yuzasidan fikr almashish uchun maydon yaratdi. Turkmaniston delegatsiyasi faoliyatida Turkmaniston Xalq Maslahatining Raisi Gurbanguly Berdimuhamedov tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslar alohida o‘rin egalladi.
Konferensiya davomida Markaziy Osiyo uchun Iqlim texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi ham taqdim etildi. Ushbu markaz mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ekologik texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qurg‘oqchilik va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, COP-31 doirasida «Jamoat tashkilotlari va iqlim yechimlari: mahalliy tashabbuslardan global harakatlargacha» mavzusida beshinchi tematik sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Turkmaniston ta’lim vazirining o‘rinbosari Azat Atayev so‘zga chiqib, mamlakatda yosh avlodning ekologik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Turkmanistonda ekologik tarbiya bolalar bog‘chasidan boshlanadi. 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalarida iqlim o‘zgarishiga moslashish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha UNICEF bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari hamda qo‘llanmalar qo‘llanilmoqda. Bolalar o‘yinlar orqali tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishning ahamiyatini anglab yetadilar.
Maktablarda esa iqlim bilan bog‘liq mavzular o‘quv fanlari mazmuniga kiritilgan. Tabiat, iqtisodiyot va texnologiya bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan darslar uchun xalqaro hamkorlar ko‘magida minglab uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi. Shuningdek, «Iqlim qutisi» nomli o‘quv to‘plami ham joriy etildi.
Ekologik bilimlarni amaliyotda mustahkamlash maqsadida «Yashil maktab» dasturi ham amalga oshirilmoqda. Hozirda tajriba tariqasida olib borilayotgan ushbu tashabbus Turkmanistondagi 120 ta maktabni qamrab olgan. 2030-yilga qadar dasturda ishtirok etuvchi maktablar sonini 500 taga yetkazish rejalashtirilgan. Mari shahridagi 36-sonli umumta’lim maktabida quyosh elektr stansiyasi ma’lumotlaridan dars jarayonida foydalanilishi ushbu ishlarning aniq misollaridan biri sifatida keltirildi.
Azat Atayev o‘z nutqida yoshlarning ekologik tashabbuslardagi ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratdi. Ular «Yashil ko‘nikmalar» tanlovi doirasida loyihalar tayyorlaydilar, COP-31 uchun Yoshlarning Milliy murojaatini ishlab chiqishda qatnashadilar hamda YOUNGO guruhiga taqdim etiladigan takliflarni tayyorlaydilar. Yosh delegatlar Turkmaniston Milliy pavilyonida o‘tkazilgan tadbirlarda ham ishtirok etdilar.
Ekologik bilimlarni kasbiy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatdagi 18 ta texnik kasb-hunar ta’lim muassasasida ekologiya majburiy fan sifatida o‘qitiladi. Oliy ta’lim muassasalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetika menejmenti bo‘yicha fanlar o‘tiladi. Bundan tashqari, Vodorod energetikasi markazi tashkil etilgan. «Kelajak kasblari atlasi» hujjatida esa kelgusida talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan 13 ta «yashil» kasb belgilangan.
UNESCOning ekologik ta’lim bo‘yicha kafedrasi faoliyati va o‘qituvchilarni tayyorlashga qaratilgan yangi dasturlar ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarning izchil davom ettirilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, Turkmaniston Ta’lim vazirligi Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda ishlab chiqayotgan yo‘l xaritasi doirasida mehnat bozori talablariga mos mutaxassislarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 11-noyabr kuni Turkmaniston Xalq Maslahatining Raisi Gurbanguly Berdimuhamedov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ta’lim tizimida ham o‘z aksini topayotgani ta’kidlandi. Iqlim barqarorligi o‘n yilligi doirasida xavfsiz maktablarni tashkil etish va har bir bolaning ta’lim olishini ta’minlash, Raqamli atlas orqali maktab o‘quvchilarining kuzatuv ma’lumotlarini to‘plash, Mintaqaviy texnologiyalar markazi faoliyatiga Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalarining ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar taklif etilmoqda.
Shuningdek, 11-noyabr kuni Turkmaniston ta’lim vaziri Jumamyrat Gurbangeldiýew Antaliyada «Bolalar, yoshlar va iqlim bo‘yicha harakatlar» deklaratsiyasini imzoladi. Hujjat yosh avlodning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo davlatlari Yoshlar muloqoti va Ashxobod iqlim muloqoti doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.
Konferensiyada ilgari surilgan fikrlar iqlim siyosati nafaqat texnologiyalar va iqtisodiy choralarni, balki insonlarning ekologik ongini shakllantirishni ham qamrab olishi lozimligini ko‘rsatdi. Turkmanistonda bolalar bog‘chalaridan boshlab maktablar, kasb-hunar ta’lim muassasalari va oliy o‘quv yurtlarigacha amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarni tabiatga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Bugungi kunda ta’lim olayotgan yosh avlod kelajakda mamlakat va mintaqaning iqlim bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlarini bajarishda ishtirok etadigan mutaxassislarga aylanadi.