Donald Tramp Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga muvaffaqiyat tiladi

Amul Info ·

Donald Tramp Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga muvaffaqiyat tiladi

AQSH Prezidenti Donald Tramp 30-oktabr kuni Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) XIII sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot chog‘ida bo‘lajak sammitning ahamiyati, shuningdek, tashkilotning…

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) XIII sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti devonining 29-oktabr kuni rasmiy «X» sahifasida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbatlashdi. Suhbat Turkiya Respublikasi kuni munosabati bilan davlat rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan kechki ziyofat davomida bo‘lib o‘tdi.

Telefon muloqotining asosiy mavzularidan biri Turkiy davlatlar tashkilotining XIII sammiti bo‘ldi. Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an kechki ziyofatda qatnashayotgan davlat rahbarlarining salomini AQSH Prezidentiga yetkazdi.

Turkiya Prezidenti Anqarada o‘tkaziladigan sammitning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, umumiy aholisi 200 milliondan ortiq bo‘lgan Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, uchrashuv davomida tashkilotning kelgusi rivojlanishiga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida, AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining XIII sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Sammit 2026-yil 30-oktabr kuni Anqara shahrida «Turkiy dunyo asri: tilda, fikrda va amalda birlik» shiori ostida bo‘lib o‘tadi.

Источник: Amul Info