Turkmanistonlik shifokor Guanchjoudan Toshkentga uchayotgan samolyotda yo‘lovchining hayotini saqlab qolishga yordam berdi
Amul Info ·

Туркманистонлик шифокор Ҳошгелди Режепов ўзбекистонлик ҳамкасби Дамир Муминов билан биргаликда Гуанчжоу–Тошкент йўналишидаги HY 573 рейсида ўзини ёмон ҳис қилган йўловчига шошилинч тиббий ёрдам кўрсатди.
Xitoyning Guanchjou shahridan Toshkentga yo‘l olgan HY 573-reys vaqtida Pokiston fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchilardan biriga shoshilinch tibbiy yordam kerak bo‘ldi. Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga tegishli samolyot bortida bo‘lgan o‘zbekistonlik shifokor Damir Muminovning ma’lum qilishicha, bemorga Turkmanistonlik shifokor Hoshgeldi Rejepov bilan birgalikda yordam ko‘rsatilgan.
Tibbiy yordamga muhtoj yo‘lovchida o‘tkir zaharlanish va kuchli suvsizlanish alomatlari kuzatilgan. U tinimsiz qusish va kuchli holsizlikdan aziyat chekkan, arterial qon bosimi pasayib, pulsi zaiflashgan.
Damir Muminovning aytishicha, ikki shifokorning hamjihatlikdagi harakatlari natijasida yo‘lovchining ahvolini barqarorlashtirish va asosiy hayotiy ko‘rsatkichlarini me’yorlashtirishga muvaffaq bo‘lingan.
Turkmaniston fuqarosi Hoshgeldi Rejepov Ashxoboddagi yirik harbiy shifoxonalardan birida terapevt-shifokor bo‘lib ishlaydi. Damir Muminov bunday tajribali mutaxassis bilan birgalikda insonga yordam ko‘rsatish o‘zi uchun katta sharaf ekanini ta’kidlagan.
O‘zbekistonlik shifokor ushbu voqea haqida fikr bildirar ekan, tibbiyot chegaralar va millatlarni ajratmasligini qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, insonga yordam kerak bo‘lgan paytda kasbiy burch, o‘zaro ko‘mak va insonparvarlik doimo birinchi o‘rinda turadi.
Ushbu voqea turli mamlakatlar shifokorlarining kasbiy mahorati va insonparvarligi inson salomatligini asrash hamda hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.