Turkmaniston va Tojikiston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Amul Info ·

Tojikistonga tashrif doirasida Turkmaniston Mejlisining Raisi Dunyagozel Gulmanova Tojikiston Milliy Majlisi Raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi. Muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi parlamentlararo aloqalarni…
Tojikiston Respublikasiga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida Turkmaniston Mejlisining raisi Dunyagozel Gulmanova bilan Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Milliy Majlisi raisi Rustam Emomali o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Dunyagozel Gulmanova Markaziy Osiyo davlatlarining to‘rtinchi Parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun yuborilgan taklif hamda Turkmaniston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Tomonlar davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Muzokaralarda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ikki mamlakatning nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorligi muhimligi qayd etildi.
Turkmaniston Mejlisining raisi mamlakat tashqi siyosatining tinchliksevarlik, insonparvarlik, teng huquqlilik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslanishi doirasida Tojikiston bilan munosabatlarni mustahkamlashga alohida ahamiyat berilishini ta’kidladi. U Turkmaniston tashabbusi bilan qabul qilingan bir qator muhim rezolyutsiyalarga hammuallif sifatida Tojikiston tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi kabi xalqaro maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar parlament diplomatiyasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida Dunyagozel Gulmanova Rustam Emomali va Tojikiston parlamenti vakillarini Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlarda ishtirok etishga taklif qildi. Ular qatoriga «YEXHT doirasida muloqot, ishonch va xavfsizlik manfaatlari yo‘lida xalqaro huquqni ilgari surish» mavzusidagi uchinchi Ashxobod konferensiyasi, Turkmanistonning MDHga raisligi doirasida MDH Parlamentlararo assambleyasi Kengashining majlisi hamda Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi kiradi.