Volvo Cars qariyb 2,5 mingta ish o‘rnini qisqartiradi
Amul Info ·

Shvetsiyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi Volvo Cars kompaniyasi xarajatlarni kamaytirish maqsadida taxminan 2,5 mingta ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Shundan 2 mingga yaqin o‘rin Shvetsiyadagi xodimlarga to‘g‘ri keladi.
Shvetsiyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi Volvo Cars kompaniyasi xarajatlarni kamaytirish maqsadida taxminan 2,5 mingta ish o‘rnini qisqartirishini ma’lum qildi. Qisqartirishlarning 2 mingga yaqini Shvetsiyadagi xodimlarga to‘g‘ri keladi. Bu haqda kompaniya 2026-yilning uchinchi choragi bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qilganida xabar berdi.
Bloomberg nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, moliyaviy ko‘rsatkichlarning yomonlashuvi fonida Volvo Car AB kompaniyasi aksiyalari narxi 30 foizdan ko‘proqqa pasayib, tarixiy eng past darajaga tushdi.
2026-yil iyul–sentabr oylarida Volvo Cars kompaniyasining daromadi 66,9 milliard Shvetsiya kronasini tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 86,4 milliard kronaga teng bo‘lgan. Kompaniyaning operatsion zarari 5,6 milliard kronaga yetdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning uchinchi choragida kompaniya 6,4 milliard krona miqdorida operatsion foyda olgan edi.
Kompaniya moliyaviy natijalarning yomonlashuvini Xitoy avtomobil bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatning kuchayishi va narxlarga bosim ortishi bilan izohladi. Shu sababli Xitoydagi daromad yillik hisobda qariyb 50 foizga kamaydi. AQSh bozorida esa Donald Tramp ma’muriyati joriy etgan bojxona tariflari va elektromobillar uchun beriladigan imtiyozlarning bekor qilinishi salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Xarajatlarni kamaytirish uchun kompaniya maslahatchilar bilan tuzilgan shartnomalar muddatini uzaytirmaslik, o‘z xohishi bilan ishdan ketgan ayrim xodimlarning o‘rnini to‘ldirmaslik hamda qisqartirishga tushadigan xodimlarga kompensatsiya to‘lashni rejalashtirmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, rejalashtirilgan qisqartirishlar kompaniya xodimlarining taxminan 6 foiziga ta’sir qiladi. 2025-yilda ham Volvo Cars qariyb 3 ming nafar xodimi bilan mehnat munosabatlarini tugatgan edi. Bu kompaniyaning ofis xodimlarining 15 foiziga teng bo‘lgan.
Shuningdek, Volvo Cars 2027-yilda Xitoy bozori uchun maxsus ishlab chiqilgan oltita modeldan dastlabki ikkitasini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Loyiha kompaniya aksiyalarining qariyb 80 foiziga egalik qiluvchi Geely guruhi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Kompaniya bosh direktori Håkan Samuelssonning ta’kidlashicha, avtomobillarni Yevropada ishlab chiqib, Xitoyda yuqoriroq narxda sotishga asoslangan avvalgi biznes modeli endilikda oldingidek samarali emas.