Binance xakerlik hujumi oqibatida o‘g‘irlangan 6,3 milliard dollarlik mablag‘ni mijozlariga to‘liq qaytarib berdi

Amul Info ·

Binance xakerlik hujumi oqibatida o‘g‘irlangan 6,3 milliard dollarlik mablag‘ni mijozlariga to‘liq…

Binance kriptovalyuta birjasi 2026-yil 30-oktabrda sodir bo‘lgan xakerlik hujumi oqibatida foydalanuvchilardan o‘g‘irlangan 6,3 milliard dollarlik mablag‘ning barchasini qaytardi. Mablag‘larning 90 foizi hujumdan bir kun o‘tib, qolgan qismi esa likvidligi past tokenlarni qo‘shimcha sotib olish…

Binance kriptovalyuta birjasi 2026-yil 30-oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan xakerlik hujumi natijasida foydalanuvchilaridan o‘g‘irlangan barcha mablag‘lar to‘liq qoplanganini ma’lum qildi. Kompaniya mijozlariga sabr-toqati va tushunishi uchun minnatdorlik bildirdi.

Birja ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘qotilgan mablag‘larning asosiy qismi — 90 foizi — hujumdan bir kun o‘tib, ya’ni 31-oktabrda qaytarilgan. Buning uchun kompaniya o‘z mablag‘laridan foydalangan. Qaytarilgan aktivlar orasida Bitcoin, ETH, USDT, BNB, SOL, USDC, XRP, USD1, RLUSD va ZEC kriptovalyutalari bor. Qolgan 10 foiz esa likvidligi past tokenlardan iborat bo‘lib, Binance ularni bozordan qo‘shimcha ravishda sotib olishiga to‘g‘ri kelgan.

Birja xakerlik hujumi haqida 30-oktabr kuni xabar bergan edi. Hodisa oqibatida yetkazilgan zarar 6,3 milliard AQSh dollariga baholangan. O‘sha paytda mablag‘larni yechib olish operatsiyalari vaqtincha to‘xtatilgan edi. Kompaniya zararlar Foydalanuvchilar uchun xavfsiz aktivlar jamg‘armasi (SAFU) hamda o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanishini bildirgan.

Binance avvalroq ushbu hodisa kompaniyaning IT infratuzilmasiga xizmat ko‘rsatuvchi DevOps muhandisining noutbuki qo‘lga kiritilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Ushbu vaziyatdan foydalangan hujumchilar xizmat konteyneriga ruxsatsiz kirib, mablag‘larni noqonuniy yechib olish operatsiyalarini amalga oshirgan. Birja ma’lumotlariga ko‘ra, elektron hamyonlarning yopiq kalitlari sizib chiqqaniga oid hech qanday belgi aniqlanmagan.

Keyinchalik kompaniya hujum qanday tayyorlangani haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni ham oshkor qildi. Binance hujumchilar ushbu ishga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rganini va soxta dasturiy ta’minotdan foydalanishdan tortib, yolg‘on ish suhbatlarini tashkil etishgacha bo‘lgan turli usullarni qo‘llaganini ma’lum qildi.

Источник: Amul Info