Turkmanistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga yillik 1 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi
Amul Info ·

Turkmanistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini imtiyozli kreditlashning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, kreditlar yillik 1 foiz stavkada, 10 yilgacha muddatga beriladi. Mablag‘lardan qishloq xo‘jaligi texnikalari va sug‘orish uskunalarini xarid qilish, chorvachilik va…
Turkmanistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga imtiyozli kreditlar berishning yangi tartibi tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, kreditlar yillik 1 foiz stavkada, 10 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Bu haqda «Turkmenportal» xabar beradi.
Yangi tartib Turkmaniston Markaziy banki raisining 2026-yil 24-avgustdagi 280-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Hujjat 16-sentabr kuni Turkmaniston Adliya vazirligida 1968-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. U Turkmaniston Prezidentining 2026-yil 11-maydagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi 1822-sonli qarorini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Yangi qoidalar Markaziy bank tomonidan 2018-yilda tasdiqlangan avvalgi tartibning o‘rnini egallaydi.
Kimlar imtiyozli kredit olishi mumkin?
Imtiyozli kreditlardan dehqon birlashmalari, dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi aksiyadorlik jamiyatlari, tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar foydalanishlari mumkin. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda Turkmanistonda ro‘yxatdan o‘tgan nodavlat yuridik shaxslar ham kredit olish huquqiga ega.
Kreditlar Turkmanistonning vakolatli kredit tashkilotlari tomonidan beriladi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan va kapitalining 100 foizi xorijiy mablag‘lardan tashkil topgan kredit tashkilotlari ushbu tartibga kirmaydi. Kreditlash milliy va xorijiy valyutada amalga oshirilishi mumkin.
Kredit mablag‘lari qanday maqsadlarga ajratiladi?
Imtiyozli kreditlardan qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalari, ekskavatorlar, buldozerlar, suvni tejovchi texnikalar, turli xil uskunalar, sug‘orish quvurlari hamda transformatorlarni sotib olish uchun foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, kredit mablag‘lari chorvachilik va parrandachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bilan bog‘liq investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tegishli xizmatlar haqini to‘lash, asosiy vositalar va mol-mulkni sotib olish uchun ajratiladi.
Kredit mablag‘larini zararlarni qoplash, jarimalarni to‘lash, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish, shuningdek, savdo va sartaroshxona korxonalarining aylanma mablag‘larini shakllantirish uchun ishlatish taqiqlanadi.
Kreditlashning asosiy shartlari
Yangi tartibga ko‘ra, kreditlarning yillik foiz stavkasi 1 foiz, muddati esa 10 yilgacha etib belgilangan. Texnika va uskunalar sotib olish uchun olingan kreditlar har yili teng ulushlarda qaytarilishi kerak.
Qarz oluvchi investitsiya loyihasining umumiy qiymatining kamida 15 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishi lozim. Investitsiya loyihalari uchun imtiyozli davr belgilanishi, kredit mablag‘larining bosqichma-bosqich ajratilishi ham mumkin.
Turkmaniston Markaziy banki tijorat banklari bilan kredit mablag‘larini yillik 0,5 foiz stavkada berish to‘g‘risida shartnomalar tuzadi.
Kredit ta’minoti va zarur hujjatlar
Texnika sotib olish uchun beriladigan kreditlarda uning qiymatining 70 foizigacha bo‘lgan qismi garov sifatida qabul qilinadi. Qolgan qism bo‘yicha qarz oluvchining kelajakdagi daromadlari hisobga olinadi. Qarz oluvchilarning tegishli toifalari uchun garov, bank kafolati yoki uchinchi shaxs kafilligi ham ta’minot sifatida qabul qilinishi mumkin. Dehqon birlashmalariga beriladigan kreditlar bo‘yicha ularning barcha faoliyat turlaridan oladigan daromadlari ta’minot sifatida ko‘rib chiqiladi.
Kredit olishni istagan shaxs bankka ariza, ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar, biznes-reja, yer uchastkasiga oid hujjatlar hamda qarz oluvchining toifasiga qarab oxirgi ikki yoki uch yildagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
Bank ariza ro‘yxatga olingan kundan boshlab 15 ish kuni ichida kredit berish yoki rad etish haqida qaror qabul qilishi shart. Kredit berish rad etilgan taqdirda, uning sabablari ariza beruvchiga yozma ravishda ma’lum qilinishi kerak.
Kredit mablag‘laridan foydalanishni nazorat qilish
Kredit mablag‘lari naqd pulsiz shaklda qarz oluvchining alohida kredit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Ushbu hisobvaraqdan to‘lov topshiriqnomalari asosida hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha xorijiy hamkorlar foydasiga to‘lov qilish uchun chet el valyutasini sotib olish mumkin.
Banklar kredit mablag‘larining belgilangan maqsadlarga muvofiq ishlatilishini joyiga borib tekshirishlari va har oy Turkmaniston Markaziy bankiga tegishli hisobotlarni, jumladan, kredit oluvchilar ro‘yxatini taqdim etishlari shart.
Kredit mablag‘laridan maqsadsiz foydalanilgani aniqlansa, bank tegishli summani qarz oluvchining hisobvaraqlaridan muddatidan oldin undirib olishi mumkin. Kredit to‘lovlari kechiktirilgan taqdirda, bank shartnomani bekor qilish va kreditning qolgan qismini muddatidan oldin qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Yangi tartibning asosiy maqsadlari qatoriga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish, foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining daromadlarini oshirish kiradi.