Yaponiya Mars yo‘ldoshlariga ilmiy missiya yubordi: Fobos tuprog‘ini Yerga olib kelish rejalashtirilmoqda

Amul Info ·

Yaponiya Mars yo‘ldoshlariga ilmiy missiya yubordi: Fobos tuprog‘ini Yerga olib kelish rejalashtiri…

Yaponiya Aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) H3 raketasi yordamida MMX kosmik apparatini uchirdi. Missiya davomida Marsning Deimos va Fobos yo‘ldoshlarini o‘rganish, Fobos yuzasidan esa taxminan 10 gramm tuproq namunasi yig‘ish rejalashtirilgan. Reja muvaffaqiyatli amalga oshsa, namunalar…

Yaponiya Aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) H3 tashuvchi raketasi yordamida MMX kosmik apparatini muvaffaqiyatli uchirdi. Missiya muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, Marsning tabiiy yo‘ldoshlaridan olingan tuproq namunalari ilk bor Yer laboratoriyalariga olib kelinadi.

Missiya rejasiga ko‘ra, MMX apparati dastlab Marsning ikkita yo‘ldoshidan biri bo‘lgan Deymos tomon yo‘l oladi va uni o‘rganadi. Keyin kosmik apparat Fobosga yaqinlashib, uning orbitasiga kiradi. Shundan so‘ng Fobos yuzasiga tuproq namunalarini yig‘ishga mo‘ljallangan maxsus robot — rover tushiriladi.

Fobos yuzasiga qo‘nish texnik jihatdan murakkab vazifa hisoblanadi. Buning sabablaridan biri — ushbu yo‘ldoshning diametri taxminan 22,5 kilometrni tashkil etishidir. Bundan tashqari, uning tortishish kuchi nihoyatda zaif, yaqin joylashgan Mars sayyorasining esa tortishish kuchi ancha yuqori. Bu omillar kosmik apparat harakatini boshqarish va uning yuzaga xavfsiz qo‘nishini qiyinlashtiradi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Hozirgacha Mars yo‘ldoshlaridan tuproq namunalarini Yerga olib kelishning imkoni bo‘lmagan. Rejaga muvofiq, Fobos yuzasidan yig‘ilgan chang va boshqa moddalar joylashtirilgan maxsus kapsula 2031-yilda Yerga qaytishi kerak. Olimlar taxminan 10 gramm material yig‘ishni maqsad qilgan.

Mutaxassislarning fikricha, bunday miqdordagi namuna Fobosning kimyoviy tarkibini o‘rganish hamda uning va Marsning boshqa yo‘ldoshining kelib chiqishini aniqlashga yordam berishi mumkin.

MMX Mars bilan bog‘liq ilk kosmik missiya emas. 2021-yildan buyon «Perseverance» roveri Mars yuzasini o‘rganib, ilmiy tadqiqotlar uchun namunalar yig‘moqda. Ushbu namunalarni Yerga olib kelish uchun «Mars Sample Return» dasturi rejalashtirilgan edi, biroq dasturni moliyalashtirish to‘xtatildi.

Yaponiyaning MMX missiyasi esa Mars yo‘ldoshlarining kelib chiqishi va tuzilishini o‘rganish uchun yangi ilmiy ma’lumotlarni olish imkonini yaratishni maqsad qilgan.

Источник: Amul Info